Maqolalar
Prava test savollari 2026 — mavzular, baza va tayyorgarlik
Prava nazariy imtihonida 20 ta savol beriladi, javob berishga 25 daqiqa vaqt bor, o'tish uchun kamida 18 tasi to'g'ri bo'lishi kerak — A1 toifasida esa 16 tasi. Savollar qaysi mavzulardan tushadi, ular qayerdan olingan va qaysi tartibda ishlash foydali — quyida AvtoPilot bazasidagi 1 235 savolning mavzular bo'yicha taqsimoti va tayyorgarlik rejasi.
Yangilangan:
Prava test savollari nechta bo'ladi va imtihon qanday o'tadi
Imtihon kompyuterda topshiriladi. Imtihon biletida 20 ta elektron (animatsiyali) savol bo'ladi, javob berishga 25 daqiqa beriladi. Natijani tizimning o'zi chiqaradi: baholash avtomatik, imtihon oluvchi baho qo'ymaydi. Adabiyot, telefon va boshqa texnik qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi, boshqa nomzodlar bilan gaplashish ham.
A, B, C, D, BE, CE va DE toifalari uchun o'tish bali bir xil: 20 tadan 18 ta to'g'ri javob. Ikkitadan ortiq xato — «topshirmadi». 2026-yil 1-yanvardan kiritilgan A1 toifasi (moped va skuterlar uchun) bu qoidadan chetda: bu toifada 16 ta to'g'ri javob yetarli, ya'ni to'rt xatoga joy bor. Savollar soni ham, vaqt ham o'sha-o'sha — faqat o'tish bali pastroq. Imtihon o'zbek yoki rus tilida topshiriladi.
Rasmiy savollar bazasida nechta savol bor
Aniq raqam e'lon qilinmagan. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-iyuldagi 393-son qarorida faqat quyi chegara bor: nazariy imtihon savollari 1 000 tadan kam bo'lmagan miqdorda Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Bazaning o'zi hech qayerda ochiq turmaydi — na imtihon markazlari saytida, na normativ hujjatlar bo'limida savollar ro'yxati bor.
Shu bo'shliq tufayli internetda bir-biriga mos kelmaydigan raqamlar aylanib yuradi — hech biri manbaga tayanmaydi.
AvtoPilot bazasida 1 235 ta savol va 124 ta bilet bor. Bu — bizning bazamiz, davlat raqami emas. Rasmiy ro'yxat yopiq ekan, hech kim «imtihonda aynan shu savollar chiqadi» deb kafolat bera olmaydi; kafolat bergan saytga ishonmang. Baza real imtihon savollari asosida yig'ilgan va muntazam yangilanadi, lekin davlat ro'yxati e'lon qilinmagani uchun uni rasmiy baza bilan solishtirib bo'lmaydi.
Savollar qaysi mavzulardan tushadi
Yigirmata savol mavzular bo'yicha qanday taqsimlanishi hech qanday hujjatda yozilmagan. «Necha foiz belgilar, necha foiz chorraha» degan rasmiy norma yo'q — bor narsa o'quv dasturining fanlari.
Quyidagi jadval — rasmiy statistika emas, AvtoPilot bazasidagi 1 235 savolning o'z taqsimoti:
| Mavzu | Savollar | Ulush |
|---|---|---|
| Xavfsizlik qoidalari | 377 | 30,5% |
| Yo'l belgilari | 258 | 20,9% |
| O'tish huquqi | 180 | 14,6% |
| Chorrahalar | 136 | 11,0% |
| To'xtash joylari | 85 | 6,9% |
| Yo'l chiziqlari | 79 | 6,4% |
| Quvib o'tish | 38 | 3,1% |
| Svetoforlar | 31 | 2,5% |
| Tezlik cheklovi | 29 | 2,3% |
| Birinchi yordam | 22 | 1,8% |
Xavfsizlik qoidalari va yo'l belgilari birgalikda bazaning yarmidan ko'pini oladi — 635 savol. Lekin savoli ko'p mavzu qiyin mavzu degani emas.
O'tish huquqi, chorrahalar, svetoforlar va quvib o'tish — to'rtta alohida mavzu, aslida esa bitta ko'nikma: kim birinchi yuradi. Bazada ular jami 385 ta savol, ya'ni har uchtadan bittasi. Bu blokni tushunmay yodlagan odam imtihonda bitta emas, ketma-ket bir necha savolda xato qiladi — 20 tadan 18 tasi kerak bo'lgan imtihonda esa ikkinchi xato oxirgisi bo'ladi.
Birinchi yordam (22 savol) va tezlik cheklovi (29 savol) — bazadagi eng kichik bloklar. Ular tor va aniq: bir kechada yopib qo'yish mumkin.
Yana bir gap: bu taqsimot bizning bazamizniki. Davlat bazasidagi nisbat bundan farq qilishi mumkin va buni tekshirishning yo'li yo'q, chunki ro'yxat e'lon qilinmagan. Shuning uchun rejani foizga qarab emas, o'z xatolaringizga qarab tuzing: kichik mavzudan tushgan savoldagi xato ham katta mavzudagi xato bilan bir xil hisoblanadi.
Tartibga soluvchining ishoralari — o'qib emas, ko'rib o'rganiladi
Tartibga soluvchi YHQning 7-bobida — svetofor ishoralari bilan bir joyda — tasvirlangan, ya'ni imtihon dasturiga kiradi. Qiyinligi hajmida emas, matnida: qo'llar yon tomonlarga cho'zilgan yoki tushirilgan holat, o'ng qo'l oldinga cho'zilgan holat, qo'l yuqoriga ko'tarilgan holat; tramvayga alohida qoida, ko'krak va orqa tomon uchun alohida. O'qib turib bularning hammasini bir vaqtda tasavvur qilish og'ir.
Bir marta ko'rgan odam esa bir necha soniyada tushunadi. AvtoPilotning 3D simulyatorida chorrahani aylantirib, har bir ishorada qaysi yo'nalish to'xtashini va qaysi biri yurishini o'z ko'zingiz bilan ko'rasiz (Premium). Batafsil izoh — tartibga soluvchining ishoralari qo'llanmasida.
Prava test savollarini qanday ishlash kerak
Uch xil ishlash usuli bor va ular bir-birining o'rnini bosmaydi.
- Bilet bo'yicha. AvtoPilotdagi 124 ta mashq biletining har birida 10 ta savol (oxirgi, 124-biletda 5 ta). Mashq bileti imtihon formatini takrorlaydi: mavzular aralash keladi, tayyorlanmagan savol ham chiqadi. 1-biletdan boshlab ketma-ket ishlab chiqsangiz, baza to'liq qamrab olinadi.
- Mavzu bo'yicha. Xato ko'p chiqqan mavzuni mavzular bo'limida alohida mashq qilish tezroq natija beradi: o'tish huquqi, chorrahalar, yo'l belgilari.
- Takrorlash. Bir marta to'g'ri javob bergan savol yodda qoldi degani emas. Ilova har bir savolni qachon unutishingizni hisoblaydi va uni aynan o'sha paytdan oldin qaytaradi — avval bir kundan, so'ng uch kundan, bir haftadan, ikki haftadan keyin.
Imtihondan oldingi hafta uchun bitta mashq qoladi: sinov imtihoni. 20 tasodifiy savol, cheklangan vaqt, o'sha o'tish bali 18. Ketma-ket uch marta 18 va undan yuqori natija chiqmaguncha markazga yozilishga shoshilmang.
Birinchi kundagi natijaga qarab o'zingizga baho qo'yish erta. Yana bir narsani hisobga oling: topshirilgan nazariy imtihon natijasi ikki oy amal qiladi, ya'ni amaliy imtihonni shu muddat ichida topshirish kerak.
2026-yilda nima o'zgardi
Ikkita o'zgarish bor va ikkalasi ham savollarga emas, tartibga tegishli.
- A1 toifasi. 1-yanvardan moped va skuterlar uchun alohida toifa: 16 yoshdan, avtomaktabsiz, to'g'ridan-to'g'ri imtihonga. O'tish bali — 20 tadan 16 tasi.
- Nazariyani mustaqil o'rganish. 1-fevraldan A va B toifasiga tayyorlanayotganlar majburiy o'quv dasturining nazariy qismini mustaqil o'zlashtirishi mumkin. Shundan keyin «nazariy imtihon ham bekor qilindi» degan tushunmovchilik tarqaldi. Bu to'g'ri emas: nazariy imtihon joyida qoldi, bekor qilingani — shu qismni avtomaktabda o'tirib o'zlashtirish majburiyati. Amaliy tayyorgarlik hamon litsenziyalangan avtomaktabda bo'ladi.
Savollar va formatning o'zi o'zgarmadi: o'sha 20 savol, 25 daqiqa, o'tish bali 18, animatsiyali savollar.
Hujjatlar, imtihon narxi, qayerda va qanday yozilish haqida alohida qo'llanma bor: prava imtihoni 2026.
Eskirgan ro'yxatlar va qarama-qarshi ma'lumotlar
Qidiruvda hali ham «imtihonda 10 ta savol, 9 tasiga to'g'ri javob bersangiz o'tasiz» deb turgan sahifalar yuqorida chiqadi. Bu format bugun ishlamaydi. Amaldagi qoida — 20 savol, 18 ta to'g'ri javob, A1 toifasida 16 ta.
Bitta joyda manbalar ochiq zid: davlat xizmatlari portali (advice.uz) ma'lumotiga ko'ra nazariy imtihonni keyingi ish kuni qayta topshirish mumkin, Yagona imtihon markazi (YIM, yim.uz) savol-javob bo'limida esa takroriy imtihon yetti ish kunidan keyin belgilanadi deyilgan. Sana amalda markazning jadvaliga bog'liq, shuning uchun uni markazning o'zidan so'rang. Amaliy imtihon uchun muddat aniq: kamida 7 kalendar kun.
Ko'p beriladigan savollar
Prava imtihonida nechta savol bo'ladi?
Testga qancha vaqt beriladi?
Imtihon qaysi tilda topshiriladi?
Test savollari rasmiy bazadan olinganmi?
Qaysi mavzularga ko'proq vaqt ketadi?
Imtihondan yiqilsam, qachon qayta topshiraman?
1 235 savolni bepul ishlab ko'ring
Mashq biletlari bo'yicha ham, mavzu bo'yicha ham — brauzerda, Telegramda, iOS va Androidda. Sinov imtihoni haqiqiy formatda: 20 savol, o'tish bali 18.