Maqolalar
YHQ atamalari va tushunchalari: chorraha, quvib o'tish, to'xtash
Yo'l harakati qoidalarining 6-bandi 70 dan ortiq asosiy tushunchani belgilaydi, va imtihonda ularning bir qismi to'g'ridan-to'g'ri so'raladi: «Qayta tizilish deb nimaga aytiladi?», «To'xtash deb nimaga aytiladi?». Quyida haydovchiga kerak bo'ladiganlari mavzular bo'yicha, qoidalardagi ta'rif bilan (Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori, 2026-yilgacha kiritilgan o'zgartishlar bilan).
Yangilangan:
Eng ko'p adashtiradigan uchta juftlik
Quvib o'tish va o'zib ketish. O'zib ketish — shunchaki yonma-yon tasmadagi mashinadan tezroq yurish. Quvib o'tish — o'zib ketishning bir turi, unda siz qarama-qarshi yo'nalish tasmasiga chiqasiz va keyin o'z qatoringizga qaytasiz.
To'xtash va to'xtab turish. Chegarasi — 10 daqiqa. 10 daqiqagacha — to'xtash. Undan ko'p, va yo'lovchi yoki yuk bilan bog'liq bo'lmasa — to'xtab turish. Yo'lovchi chiqarish-tushirish yoki yuk ortish-tushirish uchun turish 10 daqiqadan oshsa ham to'xtab turish hisoblanmaydi — ta'rifdagi istisno shu.
Chorraha va qatnov qismlari kesishmasi. Chorraha — butun maydon, chegarasi burilish joylarini tutashtiruvchi xayoliy chiziqlar. Kesishma — shu maydon ichida qatnov qismlarining o'zi kesishgan hudud. Yondosh hududdan (hovli, yoqilg'i quyish shoxobchasi) chiqish chorraha hisoblanmaydi.
Yo'l va uning qismlari
Yo'l — transport vositalari va piyodalar harakatlanishi uchun jihozlangan, moslashtirilgan hamda transport vositalari va piyodalarning harakat xavfsizligini ta'minlashga mo'ljallangan, yo'l obyektlari majmuasini joylashtirish uchun ajratilgan yer uchastkalari hamda yer uchastkalari ustidagi bo'shliq yo'l. Yo'llar umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llariga (bundan buyon matnda umumiy foydalanishdagi yo'llar deb yuritiladi), tumanlar (shaharlar), shaharchalar, qishloqlar va ovullarning ko'chalariga, xo'jalik yo'llariga, shahar elektr transporti yo'llariga, velosiped va piyodalar yo'lkalariga ajratiladi. Qishloq joylardan o'tadigan va xo'jaliklarni o'zaro bog'laydigan yo'llar xo'jaliklararo qishloq yo'llaridir.
Qatnov qismi — yo'lning relssiz transport vositalari harakatlanishi uchun mo'ljallangan qismi.
Harakatlanish tasmasi — avtomobillarning bir qator bo'lib harakatlanishi uchun yetarlicha keng bo'lgan, yo'l chiziqlari bilan belgilangan yoki belgilanmagan yo'l qatnov qismining har qanday bo'ylama tasmasi.
Yo'l yoqasi — yo'lning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan, qoplama turi bilan farq qiladigan yoki 1.1 yo'l chizig'i yordamida ajratilgan, ushbu Qoidalarga muvofiq harakatlanish, to'xtash va to'xtab turish uchun mo'ljallangan bo'lagi.
Ajratuvchi mintaqa — yo'lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to'xtashi uchun mo'ljallanmagan, yo'l sathidan ko'tarilgan yoki maysazor, ariq, maxsus to'siqlar bilan ajratilgan baland qismi.
Trotuar — qatnov qismiga tutashgan yoki undan maysazor, ariq, maxsus to'siqlar bilan ajratilgan va piyodalarning harakatlanishi uchun mo'ljallangan yo'l qismi.
Asosiy yo'l — tuproqli yoki shag'alli yo'lga nisbatan qattiq qoplamali (asfalt, sement-betonli va shunga o'xshashlar yotqizilgan), kesishayotgan yoki tutashgan yo'lga nisbatan 2.1, 2.3.1 — 2.3.3 yoki 5.1 yo'l belgilari bilan belgilangan yoxud yondosh hududdan chiqadigan yo'lga nisbatan har qanday yo'l. Ikkinchi darajali yo'lning bevosita chorrahaga tutash qismining qoplamali bo'lishi uni asosiy yo'l bilan teng huquqli qilmaydi.
Avtomagistral — 5.1. yo'l belgisi bilan belgilangan, har bir yo'nalishning qatnov qismlari ajratuvchi mintaqa bilan ajratilgan (u bo'lmaganda, yo'l to'siqlari bilan) hamda boshqa yo'llar, tramvay va temir yo'llar, piyoda va velosiped yo'lkalari bilan bir sathda kesishmaydigan yo'l.
Aholi punkti — kirish va chiqish yo'llari 5.22 — 5.25 yo'l belgilari bilan belgilangan hudud.
Yondosh hudud — bevosita yo'lga tutashgan va transport vositalari o'tib ketishi uchun mo'ljallanmagan hudud (hovlilar, mahallalar, turar joy dahalari, transport vositasi to'xtab turish joylari, yonilg'i quyish shoxobchalari, korxona va shunga o'xshashlar). Yondosh hududdan chiqayotgan transport vositalari barcha yo'l harakati ishtirokchilariga yo'l berishi shart.
Xavfsizlik orolchasi — harakatlanish tasmalarini (shu jumladan velosipedchilar tasmalarini) ajratuvchi, konstruksiyasiga ko'ra qatnov qismi ustiga bordyur toshlari bilan ko'tarilgan yoki harakatni tashkil etish texnik vositalari bilan belgilangan qatnov qismidan o'tayotgan piyodalar, talab qilingan holda to'xtab o'tishlari uchun mo'ljallangan yo'l qurilmasi. Ajratuvchi mintaqa oralig'idan o'tkazilgan piyodalar o'tish joyi ham xavfsizlik orolchasi hisoblanadi. Ikki tomonlama harakatlanishli yo'llarda qarama — qarshi yo'nalishlarni ajratuvchi xavfsizlik orolchalarini o'ng tomondan aylanib o'tiladi.
Chorraha, kesishma va o'tish joylari
Chorraha — yo'llarning o'zaro bir sathda kesishadigan, tutashadigan va ayriladigan joyi. Chorraha chegarasi uning markazidan qatnov qismlari oxiridagi qarama-qarshi tomonlarning eng uzoq burilish joylarini tutashtiruvchi tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlanadi. Yondosh hududlardan chiqish joylari chorraha hisoblanmaydi.
Qatnov qismlari kesishmasi — yo'llarning qatnov qismlari o'zaro kesishib o'tadigan va tasavvur qilinadigan chiziqlar bilan aniqlangan hudud.
Temir yo'l kesishmasi — yo'lning temir yo'llar bilan bir sathda kesishgan joyi.
Piyodalar o'tish joyi — qatnov qismidagi 5.16.1, 5.16.2, 5.48 yo'l belgilari va 1.14.1 — 1.14.4 yoki 1.29.1 — 1.29.3 yo'l chiziqlari bilan belgilangan va piyodalar yo'lni kesib o'tishda harakatlanishlari uchun ajratilgan joy. Yo'l chiziqlari bo'lmasa, piyodalar o'tish joyining kengligi 5.16.1 va 5.16.2 yo'l belgilari orasidagi masofa bilan aniqlanadi.
Imtiyoz va manyovrlar
Imtiyoz — mo'ljallangan yo'nalishda boshqa yo'l harakati ishtirokchilariga nisbatan oldin harakatlanish huquqi.
Yo'l berish (to'sqinlik qilmaslik) — yo'l harakati ishtirokchilariga nisbatan imtiyozi bo'lgan boshqa yo'l harakati ishtirokchisining harakat yo'nalishi yoki tezligini o'zgartirishga majbur etishi mumkin bo'lgan hollarda, harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab.
O'zib ketish — transport vositasining bir yo'nalishda transport vositasi tezligidan ortiq tezlikda harakatlanishi.
Quvib o'tish — bir yoki bir nechta transport vositalarini qarama-qarshi yo'nalishda harakatlanish uchun mo'ljallangan tasmaga chiqib, so'ngra ilgari egallagan qatoriga qaytib o'tish bilan bog'liq bo'lgan o'zib ketish.
Qayta tizilish — dastlabki harakat yo'nalishini saqlagan holda o'z harakatlanish tasmasidan boshqa harakatlanish qatoriga o'tish.
Reversiv harakatlanish — qatnov qismining maxsus ajratilgan, 5.35 — 5.37 yo'l belgilari, 1.9 yo'l chizig'i bilan belgilangan va ustida reversiv svetofor o'rnatilgan bo'lagida harakatlanish yo'nalishining qarama-qarshi tomonga o'zgarishi.
Avariya holatini yuzaga keltirish — yo'l harakatining boshqa ishtirokchilarini harakat yo'nalishi yoki tezligini keskin o'zgartirishga, shuningdek, o'z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolar xavfsizligini ta'minlash uchun o'zga choralarni ko'rishga majbur qilish.
To'xtash va to'xtab turish
To'xtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha bo'lgan muddatga to'xtatish (harakatsiz holatga keltirish).
To'xtab turish — transport vositasiga yo'lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuk ortish yoki tushirish bilan bog'liq bo'lmagan hollarda harakatni 10 daqiqadan ko'proq vaqtga atayin to'xtatish.
Majburiy to'xtash — texnik nuqson, tashilayotgan yuk, haydovchi va yo'lovchining holati, yo'ldagi biror to'siq tufayli xavf yuzaga kelganda yoxud ob-havo sharoitiga bog'liq holda transport vositasi harakatini to'xtatish. Haydovchining ushbu xatti-harakati oxirgi zarur chora bo'lib, qoidabuzarlik deb e'tirof etilmaydi.
To'siq — yo'lning qatnov qismida harakatsiz holda bo'lgan jism (buzilib qolgan transport vositasi, tushib qolgan yuk, yiqilgan daraxt va boshqalar). Tirbandlik tufayli yoki Qoidalar talabiga binoan ushbu tasmada to'xtagan transport vositasi to'siq hisoblanmaydi.
Pulli to'xtab turish joyi — to'lov asosida foydalaniladigan to'xtab turish joyi.
Ko'rinish va xavf
Yetarlicha ko'rinmaslik — yomg'ir, qor yog'ishi, tuman tushishi va shunga o'xshash sharoitlarda, shuningdek, kunning g'ira-shira vaqtida yo'lning ko'rinish masofasi 300 metrdan kam bo'lishi.
Sutkaning qorong'i vaqti — kechki g'ira-shiraning oxiridan tonggi g'ira-shiraning boshlanishigacha bo'lgan oraliqdagi vaqt.
Ko'rinishi cheklangan joylar — joylardagi past-balandliklar, burilishlar, o'simliklar, daraxtlar, qurilishlar, inshootlar yoki boshqa obyektlar, shu jumladan, transport vositalari tufayli harakatlanish yo'nalishida yo'l ko'rinishining cheklanishi.
Xavf — yo'l harakati xavfsizligiga xavf soluvchi har qanday omil.
Harakatlanish uchun xavf — yo'l harakati jarayonidan o'sha yo'nalishda va o'sha tezlikda harakatlanishni davom ettirish yo'l-transport hodisasi sodir bo'lishiga tahdid qiladigan omil.
Yo'l harakati ishtirokchilari
Haydovchi — transport vositasini boshqaruvchi shaxs. Transport vositasini boshqarish o'rgatilayotganda o'rgatuvchi shaxs haydovchi hisoblanadi. Ot aravani boshqarayotgan hamda hayvonlarni minib harakatlanayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi.
Yo'lovchi — transport vositasidagi (haydovchidan tashqari) shaxs, shuningdek, transport vositasiga kirayotgan (unga chiqib o'tirayotgan) yoki transport vositasidan chiqayotgan (undan tushayotgan) shaxs.
Piyoda — transport vositasidan tashqarida bo'lgan va yo'lda biror-bir yumush bilan band bo'lmagan shaxs. Nogironligi bo'lgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, elektromototsikl, skuter, kichik hajmdagi mototransport vositalari, individual harakatlanish vositalari, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi bo'lgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli konkilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga o'xshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi.
Tartibga soluvchi — O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatining (keyingi o'rinlarda — DYHXX), harbiy avtomobil nazorati organlari xodimi, o'z xizmat vazifalarini bajarayotgan, ushbu Qoidalarda ko'zda tutilgan ishoralar yordamida yo'l harakatini tartibga solish vakolatiga ega bo'lgan va uni bevosita amalga oshirayotgan yo'ldan foydalanish xizmati xodimlari, temir yo'l kesishmasi va sol kechuvlaridagi navbatchilar hamda jamoatchilik vakillari. Tartibga soluvchi maxsus kiyim va (yoki) taniqlik belgisi (qo'l bog'ichi, jezl, qizil ishorali yorug'lik qaytargich, qizil chiroq yoki bayroqcha)ga ega bo'lishi shart.
Piyodalarning tashkiliy jamlanmasi — Qoidalarning 16-bandi talablariga muvofiq yo'lda bir yo'nalishda birgalikda harakatlanayotgan odamlar guruhi.
Transport vositalari
Transport vositasi — yo'lovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik jo'natmalarining yoki maxsus ishlarni amalga oshirish uchun uskunalarning yo'llarda harakatlanishi yoki tashilishi uchun mo'ljallangan qurilma.
Mexanik transport vositasi — dvigatel bilan harakatga keltiriladigan transport vositasi. Bu atama barcha traktor va o'zi yurar moslamalarga ham taalluqlidir.
Yo'nalishli transport vositasi — belgilangan yo'nalishi va bekatlari bo'lgan, yo'lovchi tashish uchun mo'ljallangan umumiy foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yo'nalishli taksi).
Tirkama — mexanik transport vositasi tarkibida harakatlanishga mo'ljallangan va dvigatel bilan jihozlanmagan transport vositasi. Ushbu atama yarim tirkama va uzaytiriladigan tirkamalarga ham taalluqlidir.
Avtopoyezd — ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili hamda tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi.
Mototsikl — dvigatelining ish hajmi 50 sm³ va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan, yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (to'rt) g'ildirakli transport vositasi.
Moped — dvigatelining ish hajmi 25 sm³ va undan ortiq, lekin 50 sm³ dan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to'rt) g'ildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo'lgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo'lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa transport vositalari mopedlarga tenglashtiriladi.
Skuter — elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, biroq 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to'rt) g'ildirakli transport vositasi. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo'lgan kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo'lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa transport vositalari skuterlarga tenglashtiriladi.
Individual harakatlanish vositalari — dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog'ildirak va boshqa shunga o'xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishi uchun mo'ljallangan bir yoki bir nechta g'ildiraklari (roliklari) bo'lgan transport vositasi.
Velosiped — kamida ikkita g'ildirakka ega bo'lgan va odatda minib olgan shaxs(lar)ning muskul kuchi bilan, xususan, tepkilar yoki dastaklar yordamida harakatlantiriladigan transport vositasi (nogironligi bo'lgan shaxslar kajavasidan tashqari). Velosiped nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan, tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan dvigatelga ega bo'lishi mumkin.
Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositasi — tezkor vazifalarni bajarishga mo'ljallangan, ko'k yoki qizil yoxud ko'k va qizil rangli yaltiroq mayoqcha bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo'yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositasi.
Ruxsat etilgan to'liq vazn — jihozlangan transport vositasining ishlab chiqargan korxona tomonidan belgilangan yuk, haydovchi va yo'lovchilari bilan birgalikdagi eng yuqori vazni (o'lchovi). Bir tarkibda harakatlanayotgan (tirkama va boshqalar) transport vositalarining ruxsat etilgan to'liq vazniga shu tarkibga kiruvchi transport vositalarining ruxsat etilgan to'liq vaznlari yig'indisi kiradi.
Haqiqiy vazn — transport vositasining yuki, haydovchi va yo'lovchilari bilan birgalikdagi vazni. 2-bob. Haydovchilarning umumiy vazifalari.
Imtihonda so'raladigan, lekin 6-bandda yo'q atamalar
Bu to'rttasi qoidalarning atamalar ro'yxatida yo'q, lekin imtihonda aynan «... deb nimaga aytiladi?» shaklida so'raladi. Quyida — bazamizdagi savollarning to'g'ri javobi.
To'xtash yo'li — avtomobilda xavfning haydovchiga ma'lum bo'lgan paytidan boshlab to'la to'xtashga qadar o'tilgan masofa (22-bilet).
Tormoz yo'li — tormoz tepkisi bosilgan vaqtdan boshlab avtomobilning to'liq to'xtagungacha bosib o'tgan masofa (35-bilet). Demak, to'xtash yo'li = reaksiya vaqtida o'tilgan yo'l + tormoz yo'li.
Reaksiya vaqti — haydovchi xavfni ko'rgan paytdan aniq harakatlarni boshlaguncha o'tgan vaqt (65-bilet).
Oraliq masofa — oldinda ketayotgan transport vositasigacha bo'lgan masofa. 73-band: haydovchi oldingi transport vositasi keskin tormoz berganda to'qnashib ketmaslikni kafolatlaydigan oraliq masofani, shuningdek, xavfsiz yonlama oraliqni saqlashi kerak. Imtihonda bu rasm bilan so'raladi (26-bilet).
Ko'p beriladigan savollar
Chorraha deb nimaga aytiladi?
Quvib o'tish deb nimaga aytiladi?
O'zib ketish deb nimaga aytiladi?
Qayta tizilish deb nimaga aytiladi?
To'xtash va to'xtab turishning farqi nima?
Yetarlicha ko'rinmaslik deb nimaga aytiladi?
Atamalarni imtihon savollarida tekshiring
Ta'rifni o'qish bir narsa, uni rasmda tanish boshqa. AvtoPilot savollarni javobi bilan tekshiradi va xato qilganlaringizni qaytaradi.